Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan “Salomatlik marafoni” tadbirida Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov boshchiligidagi jamoa faol ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Milliy tibbiyot markaziga tegishli mobil angiograf kardiojarrohlik kompleksi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi markazning tajribali shifokorlari tomonidan kardioskrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda.
📍 Hozirda ham mobil angiograf kardiojarrohlik kompleksi Nukus shahrida faoliyat yuritmoqda. Mazkur kompleks yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, bemorlarni marshrutizatsiya qilish hamda samarali davolash taktikalarini belgilash imkonini bermoqda. Eng muhimi, kompleks eng chekka hududlarga ham borib, aholiga joyida yuqori texnologik diagnostika va maslahat xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Ushbu amaliy ishlar davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “tibbiy xizmatlarni quyi tizimlarga, ya’ni aholiga eng yaqin bo‘lgan joylarga tushirish” haqidagi topshiriqlarning amaliy ijrosi hisoblanadi.
Shu bilan bir qatorda, ushbu tashabbus doirasida hududiy tibbiyot xodimlarining malakasi tizimli ravishda oshirilmoqda, bu esa joylardagi tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Nukus shahriga tashrif buyurgan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan uchrashuv chog‘ida Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, ularning oldini olish va aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.