Bugungi kunda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta’minlash, Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayon sog‘liqni saqlash sohasida ham jadallik bilan kechmoqda. Tibbiyoti rivojlangan davlatlardagi kabi eng ilg‘or innovatsion taraqqiyotga erishish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda tibbiy xizmatni yanada yuksaltirishga daxldor xayrli tashabbuslar sog‘liqni saqlash istiqbolini belgilab berdi. Bundan yarim yil oldin Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ish boshlagan Milliy tibbiyot markazi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida yetakchi o‘rinlarga chiqib oldi.
Xorijdagi tibbiy maskanlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan markazda o‘ta murakkab va noyob operatsiyalari amalga oshirilmoqda. Bugun Milliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan Mustaqillik: aholi salomatligi va milliy tibbiyot rivojiga e’tibor” mavzusidagi sayyor davra suhbati ham sohada amalga oshirilgan ishlar hamda oldinda turgan vazifalarga bag‘ishlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisi ishtirok etgan sayyor davra suhbatida hududiy boshqarma vakillari ham onlayn ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar xorijiy davlatlarda amalga oshirilgan yuqori texnologik murakkab jarrohlik operatsiyalarining endilikda nafaqat poytaxt va viloyatlar markazlari, balki tumanlar darajasida ham muvaffaqiyatli bajarilayotgani ta’kidladilar.
Shuningdek, ishtirokchilar Milliy tibbiyot markazida yo‘lga qo‘yilgan transpantalogiya amaliyoti haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Milliy tibbiyot markazi Matbuot xizmati.