
Ayni damda Milliy tibbiyot markazida tibbiyot fanlari doktori, transplantolog Jasur Sobirov boshchiligidagi yuqori malakali multidissiplinar jamoa tomonidan bir vaqtning o‘zida parallel ravishda ikki nafar bemorda jigar transplantatsiyasi amaliyoti olib borilmoqda.
Mazkur transplantatsiyalarda tirik donorlik tamoyili asosida donorlar sifatida bir bemorning turmush o‘rtog‘i hamda ikkinchi bemorning tog‘asi ishtirok etmoqda. Donorlikning bunday namunasi nafaqat insonparvarlikning yuksak ifodasi, balki zamonaviy transplantologiyaning murakkab klinik va tashkiliy jarayonlarini ham o‘zida mujassam etadi.
Bir vaqtning o‘zida ikkita jigar transplantatsiyasini muvaffaqiyatli tashkil etish yuqori darajadagi jarrohlik mahorati, anesteziologik ta’minot, intensiv terapiya, laborator va diagnostik xizmatlarning uzviy hamkorligi hamda har bir bosqichning xalqaro standartlar asosida muvofiqlashtirilishini talab etadi.

Jasur Sobirov boshchiligidagi transplantologlar jamoasi murakkab jarrohlik amaliyotlarini izchil yo‘lga qo‘yish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish va eng muhimi, bemorlarga yangi hayot baxsh etish yo‘lida o‘zining yuksak professional salohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda. Bu kabi amaliyotlar Milliy tibbiyot markazida transplantologiya yo‘nalishi izchil rivojlanib borayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.
Milliy tibbiyot markazi
Matbuot xizmati