30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Milliy tibbiyot markazida faoliyat yuritayotgan yosh, intiluvchan va fidoyi mutaxassislardan biri — Shavkatbekov Xurshidbek Oybek o‘g‘lining mehnat faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Endigina 29 yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramay, u o‘z ustida tinimsiz ishlayotgan, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini amaliyotga tatbiq etayotgan hamda bemorlar salomatligini tiklash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan istiqbolli mutaxassislardan biridir. Milliy tibbiyot markazida aynan shunday izlanuvchan, tashabbuskor va bilimli yoshlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir.
Shavkatbekov Xurshidbek Oybek o‘g‘li 2024-yildan buyon Milliy tibbiyot markazi Neyroxirurgiya bo‘limida vrach-neyroxirurg lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.
U 2022–2024-yillarda Rossiya Federatsiyasi, Moskva shahridagi N.I. Pirogov nomidagi Milliy tibbiy-jarrohlik markazi Neyroxirurgiya bo‘limida ordinaturani muvaffaqiyatli tamomlab, zamonaviy neyroxirurgiyaning ilg‘or texnologiyalarini chuqur egalladi.
Qisqa vaqt ichida u mamlakatimizda epilepsiya va Parkinson kasalliklarini miniinvaziv neyroxirurgik usullar orqali davolash amaliyotini rivojlantirishda faol ishtirok etdi. Uning bevosita ishtirokida epilepsiya tashxisi qo‘yilgan 40 nafar bemorda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilib, kasallik xurujlarini bartaraf etishga erishildi.
📊Shuningdek, Parkinson kasalligi bilan og‘rigan 4 nafar bemorda chuqur miya stimulyatsiyasi (Deep Brain Stimulation — DBS) texnologiyasi qo‘llanilib, murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Natijada bemorlarning harakat faolligi tiklanib, hayot sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
📚Yosh bo‘lishiga qaramay, Shavkatbekov Xurshidbek Oybek o‘g‘li bugungi kunda o‘zining kasbiy salohiyati, zamonaviy neyroxirurgik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishdagi tashabbuskorligi hamda bemorlar salomatligini tiklash yo‘lidagi fidokorona mehnati bilan jamoada alohida e’tirof etilayotgan malakali mutaxassislardan biridir.
🎈Muxtasar aytganda, yoshlarimizning bilim va salohiyati — mamlakatimiz tibbiyotining ertangi kuni va taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
✍️Milliy tibbiyot markazi
Matbuot xizmati.