• Call: 71 2051514
  • Dush - Shan: 8.00 - 17.00
blog

Kuz faslida qaysi kasalliklar avj oladi?

Akmal Rahmatullaev, Milliy tibbiyot markazi direktori o'rinbosari:

Kuz fasli — qator surunkali va mavsumiy kasalliklar avj oladigan davr. Buning asosiy sababi immunitet zaiflashishi bilan bog'liq. Chunki salqin va yomg'irli kunlar boshlangach, havoda namlik darajasi ortib, organizmning virus va infektsiyalarga qarshi kurashish qobiliyati pasayadi. 

Bu mavsumda eng ko'p uchraydigan kasalliklar quyidagilar: 

  •  O'RVI;
  •  gripp;
  •  LOR xastaliklari;
  •  tsistit;
  •  pielonefrit (buyrak yallig'lanishi);
  •  gerpes;
  •  surunkali bo'g'im kasalliklari;
  •  oshqozon va o'n ikki barmoqli ichak yarasi;
  •  mavsumiy allergiya;
  •  dermatoz;
  •  asab va ruhiy kasalliklar.

Masalan, kuz oylarida immunitet susayishi hisobiga organizm nafaqat viruslar, hatto sovuq harorat ta'siriga ham etarli darajada qarshilik ko'rsata olmasligi mumkin. 

Angina, faringit, tonzillit, laringit, traxeit, bronxit, rinit, sinusit, otit kabi LOR kasalliklari, O'RVI shu tariqa yuzaga keladi. O'z navbatida, shamollash bilan birga, ba'zan lablar atrofida girpes paydo bo'ladi. Salqin havo ta'sirida kuchayadigan yana bir xastalik tsistitdir. Chunki Quviq va peshob yo'llari infektsiyasi aynan kuzda avj oladi. Xastalik o'z vaqtida davolanmasa, pielonefrit (buyrak yallig'lanishi) kelib chiqishi xavfi oshadi.

Sentyabr oyi allergiyadan aziyat chekuvchilar uchun — qiyin davr. Negaki, yovvoyi o'tlarning gullash mavsumi shu oyda avj pallaga chiqadi. 

Shuningdek, mavsum o'zgarishi, organizmda vitaminlar etishmovchiligi, endokrin buzilishlar, noto'g'ri ovqatlanish va stress kabi omillar tufayli oshqozon yarasi bezovta qilishi ehtimoli bor. Kuzning sovuq va nam havosi bo'g'im kasalliklari qo'zg'alishiga ham sabab bo'lishi mumkin.

Albatta, buning oldini olsa bo'ladi! Eng samarali chora — immunitetni mustahkamlash. Jismoniy faol turmush tarzi, to'g'ri ovqatlanish, shifokor tavsiyasi bilan zarur vitamin va mikroelementlarni qabul qilish, sog'lom uyqu, rejali ish hamda dam olish tartibi ijobiy natijalar berishi, shubhasiz.

Milliy tibbiyot markazi

Matbuot xizmati: Zulayho Musurmonova

Bizga xabar qoldiring