Milliy tibbiyot markazida transplantologiya yo‘nalishida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘ta murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti davom etmoqda. Markaz tarixida ilk bor bir bemorga bir vaqtning o‘zida jigar va buyrak transplantatsiyasi (Simultaneous Liver-Kidney Transplantation — SLKT) amalga oshirilmoqda. Ushbu amaliyot dunyo transplantologiyasida eng murakkab operatsiyalar qatoriga kiradi.
51 yoshli bemor Milliy tibbiyot markaziga terminal bosqichdagi jigar va buyrak yetishmovchiligi bilan murojaat qilgan. Kasallik oqibatida unda qorin bo‘shlig‘ida katta hajmda suyuqlik to‘planishi (assit), kuchli shish sindromi va nafas yetishmovchiligi rivojlangan. Bemorning holati transplantologlar, nefrologlar, anesteziolog-reanimatologlar hamda boshqa mutaxassislar ishtirokidagi konsiliumda muhokama qilinib, hayotiy ko‘rsatmalar asosida bir vaqtning o‘zida ikki a’zoni transplantatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Murakkab jarrohlik amaliyoti transplantolog, tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov boshchiligidagi yuqori malakali jamoa tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirda donor a’zolarini olish bosqichi davom etmoqda.
Mazkur tarixiy transplantatsiyada bemorning ikki nafar singlisi donor sifatida ishtirok etmoqda. 41 yoshli singlisi jigarining bir qismini, 28 yoshli singlisi esa bir buyragini hadya qilmoqda. Tirik donorlar ishtirokidagi bunday amaliyot donor va retsipiyentning immunologik mosligi, jarrohlikning yuqori aniqlikda bajarilishi hamda reanimatsion va laborator xizmatlarning uzluksiz hamkorligini talab etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jigar va buyrak transplantatsiyasini bir vaqtning o‘zida bajarish bemorning ikki hayotiy muhim a’zosi faoliyatini tiklash, operatsiyalar sonini kamaytirish hamda uzoq muddatli davolash natijalarini yaxshilash imkonini beradi.
Ayni paytda operatsiya reja asosida davom etmoqda. Milliy tibbiyot markazi ushbu tarixiy amaliyotning borishi va yakuniy natijalari haqida jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot taqdim etib boradi.
✍️ Milliy tibbiyot markazi
Matbuot xizmati